Adabiyot

Mixail Sholoxov va Shukur Xolmirzayev: Ijodiy konsepsiyadagi mushtaraklik

Mixail Sholoxov va Shukur Xolmirzayev: Ijodiy konsepsiyadagi mushtaraklik

Ozod Sharafiddinov yozadi: “Dunyodagi hamma sirning tagiga yetish mumkin, lekin Inson degan jumboqning tagiga yetib boʻlmaydi. Inson tabiatiga cheksizlik, bitmas-tuganmaslik xos. Xullas, adabiyotda inson qahramon muammosini samarali hal qilmoq uchun birinchi navbatda, falsafiy planda inson konsepsiyasini mukammal ishlab chiqmoq kerak”(Шарафиддинов, 2012, 264-bet). Yozuvchi odatiy insonlardan farqli oʻlaroq “ishontira olish” va “koʻra olish” qobiliyatiga ega boʻlishi kerak. Asarlarning bir-biridan farqi, yil oʻtsa-da oʻz mavqeyini yoʻqotmay kelishi ham uning hayotdan asarga qay mahorat bilan koʻchirib oʻtilishiga bogʻliq. Soʻnggi yillarda adabiyotda yangi soʻz aytish haminqadar qiyin boʻlmasin, ijod ahli har zamon har asrda buni yechimini topishni uddalagan. Qachonki, asosiy oʻrinda INSON turmas ekan, bunday asarlar, oʻz koʻzlagan maqsadiga yeta olmaydi. 

 

Bu oʻrinda INSONni old qatorga olib chiqa olgan xalqchil, insonparvar, vatanparvar ijodkorlar sirasiga Shukur Xolmirzayevni bemolol kirita olamiz. Bu xususda yana shularni aytish mumkinki, adabiyot shaxsiyatni talab qiladi, bu ikkisi bir-biridan ajratilsa, sun’iylik yuzaga keladi. Zamonaviy nasrning yetuk ijod ahllaridan Nazar Eshonqul oʻzining “Ham hayotda, ham  adabiyotda shaxs edi”,- deganida, adibning faqatgina asarlarini emas, hayotini ham oʻqigan edi (Nazar Eshonqul, “Yoshlik”, 2012/9). Xuddi shu maqolada keltiriladiki: “Shukur Xolmirzayev maktabida esa hayotni, muhitni fosh qilishdan koʻra insonning shu muhitda tutgan oʻrni va ogʻrigʻini koʻrsatish muhim oʻrin tutadi. Muhit oʻzining barcha kirdikorlarini, butun fojeasini inson koʻngliga qamab tashlagan, inson koʻngli shu muhitning aksidir. Kimki muhitning oʻzini aks ettirishga kirishsa, jimjimalarga aldanib qoladi, muhitning tasvirchisiga aylanadi”. Bu tarafdan Nazar Eshonqulning fikrlari oʻrinli, biz koʻp hollarda bunga amin boʻlamiz, birgina “Notanish odam” hikoyasidagi oʻsha chol jamiyatda kim edi?!( Холмирзаев, 2003, 448-bet). Uni birov tanirdimi?, Mansabi nima edi? Uning shu muhitda tutgan oʻrni nima edi?! Beminnat, bemansab yaxshilik qilish edi, shunchaki yaxshilik qilish xolos. U qaytib bu kulbaga kelib, bu oʻtinlarni yoqishi noma’lum, uni kim ishlatishi, u insonlar kim, uni ham bilmaydi. Toʻgʻri, bu yaxshiligi balki juda kichikdir, balki uni hech kim bilmas, koʻrmas, ammo uning niyati bu emas, uning niyati yaxshilik qilish edi xolos. Insonlarning jamiyatdagi oʻrni ularning mansabi, nechta kitob yozganidan emas, yaxshilik toʻla limmo-lim qalbidan kelib chiqadi.

 

Yana shu maqolada ijodkor Shukur Xolmirzayevning “Alpomish” dostonini qanchalik sevishi, u haqida qanday toʻlib toshib gapirgani ham aytib oʻtiladi. Shu oʻrinda ramziy obrazlar masalasi koʻtariladi. Adibning koʻpgina asarlarida ot obrazi orqali ramziylik koʻchib yuradi.  

 

“Sholoxovning ashaddiy muxlisi edim”  nomi ostidagi adabiy suhbatlarining birida adib, Tinch Don romon epopeyasini 4 marotaba oʻqib chiqqanini ta’kidlab shunday deydi: “Keyingi kuzatishlarimdan fahmlab qoldimki, “Tinch Don” romanining taxminan toʻrtdan bir qismi tabiat tasviridan iborat.”(Холмирзаев, 2003). Shukur Xolmirzayev va Sholoxovning mushtarak tomonlaridan yana biri tabiat tasviridan mohirona foydalana olganligi. Adib Abdulla Qahhorning “Ming bir jon” hikoyasi haqida gapirarkan, asar davomida faqatgina bir marta tabiat tasviri kelganligi, u ham boʻlsa kichik detal ekanini aytib oʻtadi. Sholoxovning “Hol”, “Podachi” kabi hikoyalarini oʻqir ekansiz, adib tabiatning hech bir detalini koʻzdan qochirmaganiga guvoh boʻlasiz. Shukur Xolmirzayevning “Notanish odam”, “Bir koʻrgan tanish”, “Podachi”, “Omon ovchining oʻlimi” kabi hikoyalarida ham adibning tabiat va otni qanchalik yaxshi koʻrishi anglashiladi. Omon ovchi va Nikolkalarning shaxiyatini esa ayro tasavvur qilib boʻlmaydi, ham botindan, ham zohirdan. Har ikki qahramon ham hali bola paytidan otasi tomonida ot minishni sevdirilishi, bunga hamohang ikkisining fitratidagi jasurlik, mardlik, otga boʻlgan ishtiyoq yirik planda koʻzga tashlanadi. Umarali Normatov oʻzining “Ijod sehri” asarida: “Tengdoshlaridan biri hazil aralash Shukurni  “oʻzbeklarning Sholoxovi” deb atardi”,- deyishi mana shu yerda oydinlashadi. Yana oʻsha asarda:”Bu hazil gap tagida jiddiy asos bor. M. Sholoxov rus adabiyotida oʻz ona yurti – Don ruhi-koloritini kashf etgani kabi, Shukur Xolmirzayev XX asr milliy adabiyotimizga Surxon, aniqrog’i, Boysun ruhi-koloritini olib kirdi.”( Норматов, 2007, 352-bet)

 

Dilmurod Quronov fabula va syujetga toʻxtalar ekan shularni ta’kidlaydi: “Adabiyotshunoslikda “syujet” va “fabula” istilohlarini ishlatishda turlichalik bor: ayrim adabiyotshunoslar bu ikki istilohni sinonim sifatida ishlatsalar, rus formal maktabi vakillari “fabula” deganda asarda tasvirlangan voqealarning hayotda yuz berish tartibini, “syujet” deganda esa ularning asarda joylashtirilish tartibini tushunadilar”( Қуронов, 2013, 408-bet). Shukur Xolmirzayev “Podachi” hikoyasida esa adib bu qonunlarni chetlab oʻtganiga guvoh boʻlasiz(Холмирзаев,2003, 408-bet). Odatiy asarlardan farqli oʻlaroq adib ilk kezdayoq yechimni qoʻlingizga tutgizadi. Sholoxovning shu nomdagi hikoyasida esa yuqoridagi qonun bir maromda kechadi. Bir xil nom, ikki xil yondashuv.

 

Hatto “Omon ovchining oʻlimi”da adib sizni hikoya boshidanoq bashoratchilikka tayyorlab boradi.(Холмирзаев, 2005, 464-bet). Birgina “Kimni umri nimada kechsa, shuning ustida oʻladi” gʻoyasi asar soʻnggini bashorat qilishga yordam beradi. Ammo hikoya shu bilan birga hayotga shunchalik yaqinki, dialoglar, voqea-hodisalarning ba’zilarda yashagan, ba’zilarini koʻrgan, ba’zilarini eshitgan ham siz. Adib asarlariga detal oʻlaroq oddiy shaxs, oddiy muhit, oddiy narsalarni oladi. Muhimi har ikki ijodkor asarlaridagi bosh gʻoya - “Inson taqdiri”, INSONdir. Birgina misol, Sholoxov o’zining “Hol” hikoyasida cholni xoʻrlayotgan voqealarni tasvirlar ekan, “hatto hayvonga ham bu turli qiynoq turini qo’llashmaydi” - deydi. Omon ovchida esa inson fojeasi talqin etiladi. Imom Buxoriydan keltirilgan hadislardan birida “Rahm qilinmaganga rahm qilinmaydi” deyiladi, balki shunda umri so’nggida qahramon mash’um taqdir bilan yuzlashadi. Asarlardan koʻzlangan asosiy masala, gʻoya insonni shakllantirish, uning yirtqich hayvondan komil shaxs darajasiga chiqarish. Cholni xoʻrlab azoblaganlar, na oilasiga na hayvonlarga koʻnglida bir iliqlik yoʻq, Omon ovchi bular hammasiga, jamiyatdagi chirkin illatlar, insonni insoniylikdan chiqarayotgan badbinliklarga bir oyna xolos. Sababi adabiyot nafaqat qalb ishi, balki insonni tarbiyalovchi ustoz hamdir. Agar asarlar shu maqsadda yozilmas ekan, ular bir uyum soʻzlar majmuasi boʻlib qolaveradi.

 

“Shaxsan men kitobxonni bir yoqqa torta bilgan, uning didiga moʻljallab – unga asarini nima qilib boʻlsa ham yoqtirish maqsadida emas, oʻsha didni bir bahya boʻlsa-da koʻtarish niyatida ter toʻkkan yozuvchilarni sevaman”, –  degandi adib. Butun umri davomida shunga koʻra ijod qildi, shunga koʻra yashadi. Yana yaqinlari, aytganidek oʻz qahramonlari kabi oddiy va samimiy boʻlib qoldi.    

 

Ikki yozuvchining oʻz ijodida Inson konsepsiyasini qay darajada yoritgani haqida muxtasar qilib, quyidagi dastlabki xulosalarga kelamiz:

  1. Har ikki yozuvchi uchun eng birinchi mushtarak badiiy jihat – Inson obrazi real hayotdan olingan, umumlashtirilgan, yetuk obrazlar sanaladi.
  2. Adiblarning qahramonlari harakat qiladigan asarlar uchun yana bir umumiy jihat – asarlarining haqqoniyligi.
  3. Har ikki adib asarlaridagi Inson – milliy oʻziga xos xususiyatlar bilan toʻyingan obrazlar ekanligi.
  4. Ham oʻzbek, ham rus adibi ijodidagi Inson vataniga, oila qadriyatlariga sodiq kishilar ekanligi e’tirof etilgan.
  5. Shukur Xolmirzayev va Mixail Sholoxov asarlarida inson va tabiat uygʻunlikda tasvirlangan.

 

Foydalanilgan adabiyotlar

 

  1. Sharafiddinov O. Olamning qalbi. T.: “Ma’naviyat”. 2012. – 264 b.
  2. Shukur Xolmirzayev. Adabiyot, yozuvchi va ijod haqida & Nazar Eshonqul. Shukur Xolmirzayev haqida Xurshid Davron kutubxonasi https://kh-davron.uz/kutubxona/uzbek/shukur-xolmirzayev-adabiyot-yozuvchi-va-ijod-haqida.html 
  3. Xolmirzayev Shukur. Tanlangan asarlar. III jildlik. 1-jild. Hikoyalar. T.: “Sharq”, 2003 – 448 b.
  4. Shukur Xolmirzayev: «Sholoxovning ashaddiy muxlisi edim» (2003) - www.ziyouz.uzhttps://ziyouz.uz/suhbatlar/l-r-sp-1934971251/ 
  5. Normatov, Umarali Ijod sehri. — T.: «Sharq», 2007. — 352 b.
  6. Adabiyotshunoslik lug‘ati. (D. Quronov va b.) “Akademnashr” T. : 2013. 408 b.
  7. Xolmirzayev Shukur. Tanlangan asarlar. III jildlik. 2-jild. Hikoyalar. T.: “Sharq”, 2005 – 464 b.
Maqolalar ro'yxatiga qaytish